Bugun Sport vazirligida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va 2024-yilga moʻljallangan Davlat dasturiga muvofiq, sport sohasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan islohotlarning muhim yoʻnalishlari va ularning ijrosini eng quyi boʻgʻindan boshlab tashkil qilish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilish boʻlib oʻtdi. Maʼlumki, Davlatimiz rahbarining 2023-yil 11-sentabrdagi PF–158-son Farmoni bilan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilinib, 100 ta maqsadda eng ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Shuningdek, sport sohasida 2030-yilgacha erishilishi lozim boʻlgan 4 ta maqsadda 10 ta maqsadli koʻrsatkich tasdiqlangan. Xususan, jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanadigan yoshlar qamrovini kengaytirish, sport bilan professional hamda doimiy shugʻullanuvchi yoshlar ulushini oshirish, milliy terma jamoalarga yuqori malakali va natijador sportchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda Olimpiya va Paralimpiya harakatini rivojlantirish vazifalari qo'yilgan. Yigʻilish davomida 2024-yilga moʻljallangan Davlat dasturida sport sohasiga oid amalga oshirilgan ishlar va navbatdagi vazifalar ham muhokama qilindi. Yigʻilish yakunida, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va 2024-yilga moʻljallangan Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan tizim tashkilotlari rahbar-xodimlari tomonidan takliflar bildirildi.